четверг, 31 июля 2008 г.

«O'zbegim yoshlari» Sharlerua anjumanida


206 yil iyulda Belgiyaning Sharlerua shahrida «Marsinel» folklor raqslari xalqaro festivali bulib utdi. Unda Belarus, Belgiya, Ispaniya, Irlandiya, Peru, Portugaliya va boshqa mamlakatlardan kelgan ijodiy guruhlar ishtirok etdi.
Ushbu anjumanda ilk bor mamlakatimiz vakillari, Oliy Harbiy Bojxona Instituti huzurida tashkil topgan yosh jamoa - «O'zbegim Yoshlari» folklor ansambli ham qatnashdi. Belgiya yosh san'atkorlar uchun ilk xorijiy sahna edi. Shunday bo'lsa-da ular nafaqat mazkur festivalda, balki stadionlarda, Valloniya hududidagi ikkinchi yirik shahar - Sharlerua madaniyat saroylarida bo'lib o'tgan konsertlar chog'ida o'z san'atlarini zo'r mahorat bilan namoyish etdilar.
«Marsinel» xalqaro festivali doirasida tashkil etilgan O'zbekiston kunlari tadbirida Belgiyaning ishbilarmon va madaniy doiralari, mamlakatda akkreditasiyadan o'tgan diplomatiya missiyalari, shahar ma'muriyati vakillari hamda jurnalistlar hozir bo'ldilar. Sharlerua burgomistri o'rinbosari Bernar Van Dik ushbu voqea O'zbekistonning tarixi, iqtisodiyoti va madaniyati bilan yaqindan tanishish uchun qulay imkoniyat yaratganini ta'kidladi. U, shuningdek, xalqaro anjumanda o'ziga xos va betakror chiqishlari bilan hammadan ajralib turgan o'zbek san'atkorlarining ijro mahoratiga yuqori baho berdi.
Sharlerua ma'muriyati rahbarining yana bir o'rinbosari Kristian Renar ham festivalda mamlakatimiz madaniy guruhining ishtiroki anjumanni bezab yuborganini, o'zbek musiqa va raqslari esa tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirganini ta'kidladi. San'atkorlarning ijod namunalari xalqlar o'rtasidagi tinchlikni va bir-birlarini to'g'ri tushunishni mustahkamlashga yaqindan ko'maklashadi, dedi u.
O'zbek madaniy guruhi har yili 21 iyul kuni nishonlanadigan Belgiya milliy bayrami – Qirol qasamyodi kunida ham ishtirok etdi. 175 yil burun xuddi shu kuni Belgiyaning birinchi monarxi Leopold I parlamentda konstitusiyaga sodiqlikka qasamyod qilgan edi.
«O'zbegim Yoshlari» Belgiya poytaxtidagi Odil sudlov saroyi ro'parasida joylashgan maydonda mazkur asosiy milliy bayram konsertini ochish sharafiga muyassar bo'ldi. Bu bryusselliklar va mehmonlar uchun tom ma'nodagi kutilmagan sovg'a bo'ldi.
Konsert nihoyasiga yetganidan so'ng karnay-surnay sadolari yangrab, shahar ahli va mehmonlar Rejens ko'chasida bo'ladigan o'zbekistonlik san'atkorlarning bayram paradiga taklif etildi. U yerda o'zbek xalq amaliy san'ati mahsulotlarining ko'rgazma- savdosi tashkil etilgan bo'lib, ularni xorijlik muxlislar diqqatiga mamlakatimizning turli burchaklaridan Bryusselga kelgan xalq ustalarining o'zlari namoyish etdi.
«O'zbegim Yoshlari»ning chiqishi Belgiya ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. «La Gazet», «Sharlerua», «Vlan Sharlerua» kabi gazetalarda yurtdoshlarimizga bag'ishlangan, chiroyli tarzda bezatilgan reportajlar chop etildi. Jumladan, «La Gazet» nashri muxbiri O'zbekiston vakillari xususida to'xtalib, «Sharleruadagi folklor bayramiga kelgan tomoshabinlar o'zbek raqqosalarining mahoratiga tan berdi», deb yozadi. Shu o'rinda aytish joizki, san'atkorlarimiz kelasi yil Ispaniyada o'tajak musiqa festivaliga ham taklif qilindi.
Jamshid Mutalov, «Jahon» AA, Bryussel, iyul, 2006.

Комментариев нет: